YIRIK SUG‘ORISH NASOS STANSIYALARI UCHUN NASOS AGREGATLARINI TANLASH VA ULARNING ISHCHI REJIMINI NAZARIY ASOSLASH USULLARI
Annotatsiya
Ushbu maqolada yirik sug‘orish nasos stansiyalarida qo‘llaniladigan nasos agregatlarini tanlash va ularning ishchi rejimini aniqlash masalalari nazariy jihatdan tahlil qilingan. Tadqiqotning maqsadi nasos qurilmalarining asosiy ish ko‘rsatkichlari — suv sarfi, bosim, quvvat va foydali ish koeffitsiyenti o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish hamda nasosning bosim xarakteristikasi bilan truboprovod tizimining gidrodinamik xarakteristikasi kesishishidan hosil bo‘ladigan ishchi nuqtani aniqlash metodikasini tizimlashtirishdan iborat. Tadqiqotda analitik hisoblash usullari, nasoslarning xususiy, universal va o‘lchamsiz xarakteristikalaridan foydalanish, shuningdek, dinamik o‘xshashlik qonuniyatlariga asoslangan qayta hisoblash usullari qo‘llanildi. Nasos agregatlarining miqdoriy va sifat jihatidan rostlash usullari, parallel va ketma-ket ulangan nasoslarning umumiy xarakteristikalarini qurish hamda aylanish chastotasini o‘zgartirish orqali ishchi nuqtani optimallashtirish imkoniyatlari asoslandi. Natijalar yirik magistral kanal nasos stansiyasi misolida tahlil qilinib, ishchi nuqtani nasosning ruxsat etilgan va energetik jihatdan samarali ishlash zonasida saqlash zarurligi ko‘rsatildi. Olingan natijalar yirik sug‘orish nasos stansiyalarini loyihalash, rekonstruksiya qilish va ekspluatatsiya rejimlarini optimallashtirishda amaliy ahamiyatga ega.
Kalit so‘zlar: nasos agregati, ishchi nuqta, bosim xarakteristikasi, foydali ish koeffitsiyenti, sug‘orish nasos stansiyasi, gidrodinamik xarakteristika, nasos rejimi, dinamik o‘xshashlik, aylanish chastotasi, energiya samaradorligi