NOGIRONLIKKA OLIB KELUVCHI NEONATAL ASORATLAR: GIPOKSIYA, CHALA TUG‘ILISH VA ULARNING OLDINI OLISH
Annotatsiya
Mazkur maqolada bolalik davrida uzoq muddatli rivojlanish buzilishlari va nogironlik xavfini oshiruvchi muhim neonatal holatlar — perinatal gipoksiya va gipoksik-ishemik ensefalopatiya hamda chala tug‘ilish bilan bog‘liq asoratlar tahlil qilingan. Ushbu holatlarning asosiy sabablari, patogenetik mexanizmlari, markaziy asab tizimiga ta’siri va uzoq muddatli nevrologik oqibatlari yoritilgan. Shuningdek, neonatal asoratlarni erta aniqlashda klinik kuzatuv, neyrosonografiya, elektroensefalografik monitoring va magnit-rezonans tomografiyaning o‘rni ko‘rib chiqilgan. Perinatal gipoksik-ishemik ensefalopatiyaning o‘rta va og‘ir shakllarida terapevtik gipotermiyaning o‘z vaqtida qo‘llanishi, chala tug‘ilish xavfini kamaytirishda antenatal kuzatuv, kortikosteroid profilaktikasi, tug‘ruqni malakali olib borish hamda postnatal davrda zamonaviy neonatal yordam ko‘rsatishning ahamiyati asoslangan. Maqolada antenatal, intranatal va postnatal profilaktika choralarini o‘zaro uzviy bog‘liq holda tashkil etish, shuningdek, xavf guruhidagi bolalarni uzoq muddatli rivojlanish monitoringiga jalb etish zarurligi ta’kidlangan.
Kalit so‘zlar: neonatal gipoksiya, gipoksik-ishemik ensefalopatiya, chala tug‘ilish, neonatal asoratlar, nogironlik, markaziy asab tizimi, erta diagnostika, erta aralashuv, neyroprotektsiya, terapevtik gipotermiya, profilaktika