GYOTE VA NAVOIY ASARLARIDA INSON RUHIYATI VA SHAXSNING O‘ZINI ANGLASHI: PSIXOLOGIK-QIYOSIY TAHLIL
Annotatsiya
Maqolada Iogann Volfgang Gyote (1749–1832) va Alisher Navoiy (1441–1501) ijodida inson ruhiyatining murakkabligi, ichki ziddiyatlar, o‘zini anglash va ma’naviy kamolot jarayoni psixologik-qiyosiy jihatdan tahlil qilinadi. Tadqiqot-ning nazariy asosini tasavvuf ruhshunosligi, Gyotening shaxs shakllanishiga oid qa-rashlari hamda zamonaviy psixologiyaning individuatsiya, o‘zini ro‘yobga chiqarish va ma’no izlash konsepsiyalari tashkil etadi. Gyotening «Faust», «Yosh Verterning iztiroblari» va «G‘arbu Sharq devoni», Navoiyning «Xamsa» va «Li-sonut-tayr» asarlari misolida ruhiy ikkilanish, nafs bilan kurash, ishq orqali o‘zgarish, sayohat va mehnat vositasida ma’no topish motivlari qiyoslanadi. Shuningdek, G‘arb adabiy-falsafiy tafakkuridagi uzluksiz intilish va Sharq tasavvu-fidagi fano hamda baqo tushunchalarining shaxs kamolotini ifodalashdagi o‘xshash va farqli jihatlari ochib beriladi. Tadqiqot natijasida ikki ijodkorning ruhiy kamolot modellari turli madaniy-falsafiy asosga ega bo‘lsa-da, ichki kurash, o‘zgarish va ma’no izlash kabi umumiy muammolarni badiiy ifodalashi asoslanadi.
Kalit so‘zlar: ruhiyat, o‘zini anglash, shaxs kamoloti, nafs, komil inson, ishq, intilish, fano, baqo, individuatsiya, psixologik-qiyosiy tahlil, «Faust», «Lisonut-tayr»