2,3-BPG VA GEMOGLOBIN–KISLOROD DISSOTSIATSIYA EGRI CHIZIG‘I: FIZIOLOGIK VA KLINIK AHAMIYATI
Annotatsiya
Kislorodning o‘pkadan periferik to‘qimalarga yetkazib berilishi hujayralarning aerob metabolizmi va normal hayot faoliyatini ta’minlovchi muhim fiziologik ja-rayon hisoblanadi. Ushbu jarayonda gemoglobin asosiy transport oqsili sifatida ishtirok etib, o‘pkada kislorodni biriktiradi va periferik to‘qimalarda uni ajratib be-radi. Gemoglobinning kislorodga affiniteti hamda kislorodni to‘qimalarga berish xususiyati gemoglobin–kislorod dissotsiatsiya egri chizig‘i orqali ifodalanadi. Mazkur egri chiziqning holatiga pH, karbonat angidridning qisman bosimi, harorat va eritrotsitlardagi 2,3-bisfosfogliserat (2,3-BPG) miqdori kabi omillar ta’sir ko‘rsatadi. 2,3-BPG eritrotsitlarda glikolizdan tarmoqlanuvchi Rapoport–Luebering shunti orqali hosil bo‘lib,
deoksigemoglobinning markaziy bo‘shlig‘iga birikadi va uning T-konformatsiyasini barqarorlashtiradi. Natijada gemoglobinning kislorodga affiniteti pasayib, O₂ ning periferik to‘qimalarga ajralishi osonlashadi. Mazkur narrativ sharhda 2,3-BPGning hosil bo‘lishi va metabolik boshqarilishi, gemoglobinning konformatsion holatiga ta’siri, dissotsiatsiya egri chizig‘idagi funksional o‘zgarishlar hamda gipoksiya, baland tog‘ sharoiti, anemiya, jismoniy yuklama va eritrotsitlarni saqlashdagi fizi-ologik hamda klinik ahamiyati tahlil qilinadi. Tahlil natijalari 2,3-BPG eritrotsit me-tabolizmi, gemoglobinning allosterik boshqarilishi va to‘qimalarga kislorod yet-kazib berilishini o‘zaro bog‘lovchi muhim metabolik regulyator ekanligini ko‘rsatadi.
Kalit so‘zlar: 2,3-bisfosfogliserat, 2,3-BPG, gemoglobin, kislorod, O₂, gemoglobin–kislorod dis-sotsiatsiya egri chizig‘i, Rapoport–Luebering shunti, eritrotsit, gipoksiya, kislorod transporti